KIRISH

Bugungi kunda mamlakatimizda sudlar faoliyati shaffofligini taʼminlash, aholi bilan muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirishga qaratilgan salmoqli ishlar bajarilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, xususan, maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Umuman olganda, maʼmuriy sudlar – davlat organlari bilan fuqarolar oʻrtasidagi ommaviy-huquqiy nizolarni hal etish uchun tashkil etilgan maxsus sudlar hisoblanadi.

Mamlakatimizda maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi tarixi Prezidentimizning 2017-yil 21-fevraldagi  «Oʻzbekis­ton Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni bilan chambarchas bogʻliq. Xususan, Farmonga koʻra, 2017-yil 1-iyundan boshlab om­maviy-hu­quqiy munosabatlardan kelib chiqadigan maʼmuriy nizolarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tashkil etildi.

Prezidentimizning 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan maʼmuriy sudlar faoliyati tubdan takomillashtirildi. Xususan, Prezidentimiz Farmoniga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan tuman (shahar) maʼmuriy sudlari negizida Qoraqalpo­gʻis­ton Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etildi. Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazildi.

Bugungi kundagi maʼmuriy sud amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, maʼmuriy sud qarorlari ijro etilishi ustidan taʼsirchan nazorat mexanizmi mavjud emasligi va  maʼmuriy sudlarda ish holatlarini isbotlash majburiyati taraflarning oʻziga yuklatilgani ularni tengsiz holatga keltirayotgani kabi muammolar koʻzga tashlanmoqda. Bu kabi muammolarni hal etishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi 107-sonli “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim hujjat boʻldi. Ushbu hujjat boʻyicha davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish boʻyicha sud hujjati ijro qilinmaganligi uchun davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimasini qoʻllash, maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʻz tashabbusi bilan dalillarni yigʻish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga esa dalillarni yigʻishda faqat oʻz imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish kabi masalalar belgilab berildi.

Mazkur risolada maʼmuriy sudlarda soliqqa oid nizolarni koʻrishning oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan maʼmuriy sudlarga shikoyat qilish masalalari yoritilgan.

1. SOLIQQA OID NIZOLARNING BUGUNGI HOLATI QANDAY?

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil davomida sudlarda 15.143 ta (2020-yilda 15.066 ta) maʼmuriy ish koʻrib chiqilgan boʻlib, shundan davlat soliq xizmati organlari (mansabdor shaxslari)ning qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) boʻyicha koʻrilgan maʼmuriy ishlar 1.291 (186) ta yoki 8,5 (1,2) foizni tashkil qilgan.

Koʻrinib turibdiki, davlat soliq xizmati organlari (mansabdor shaxslari)ning qarorlari yoki harakati (harakatsizligi)ga nisbatan koʻrilgan maʼmuriy ishlar 2021-yilda 2020-yilning koʻrsatkichiga nisbatan sal kam 700 foizga koʻpaygan.

2021-yilda mazkur turdagi 1.291 ta ishdan 737 ta yoki 57 foiz holatida ariza qanoatlantirilgan; 331 ta yoki 25,6 foiz holatida ariza rad qilingan; 170 ta yoki 13,1 foiz holatida ish yuritish tugatilgan; 53 ta yoki 4,1 foiz holatida esa ariza koʻrmasdan qoldirilgan.

2. SOLIQQA OID NIZOLAR, ASOSAN, QANDAY HOLATLARDA YUZAGA KELMOQDA?

Soliqqa oid nizolar, asosan, soliq tekshiruvlari doirasida yuzaga keladi. Soliq kodeksiga koʻra, soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini oʻtkazadi:

1) kameral soliq tekshiruvi;

2) sayyor soliq tekshiruvi;

3) soliq auditi.

Kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisoboti, moliyaviy hisobot, shuningdek, soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida soliq organida mavjud boʻlgan boshqa hujjatlar hamda maʼlumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan oʻtkaziladi.

Soliq toʻlovchilarning soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash sohasidagi ayrim majburiyatlari, shuningdek, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlari bajarilishini tekshirish sayyor soliq tekshiruvidir.

Muayyan davr uchun soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlashning toʻgʻriligini tekshirish soliq auditidir.

3. SOLIQ ORGANI QARORI USTIDAN MAʼMURIY SUDGA SHIKOYAT QILISHNING QANDAY OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI MAVJUD?

Soliq organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilish soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Shaxsning soliq organiga uning kuchga kirgan va kuchga kirmagan, normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjatlari, uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilingan murojaati, agar ushbu shaxsning fikriga koʻra, mazkur hujjatlar, harakatlar yoki harakatsizlik uning huquqlarini buzsa, shikoyat deb eʼtirof etiladi.

Soliq organining yuqori turuvchi organi yoki sudga shikoyat berish tegishincha shikoyat boʻyicha soliq organining yuqori turuvchi organi tomonidan qaror qabul qilinguniga yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar shikoyat qilinayotgan qaror yoki harakatni ijro etish, shu jumladan, qoʻshimcha hisoblangan soliq va yigʻimlar undirish, shuningdek, moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishini toʻxtatib turadi. Soliq toʻlovchi qaysi soliq organining qarori yoki mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilayotgan boʻlsa, oʻsha organni soliq organining yuqori turuvchi organi yoki sudga shikoyat berganligi toʻgʻrisida tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor qilishi shart.

Soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkin boʻladi. Bu qoida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining qarori ustidan shikoyat qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Eʼtibor qarating!

Soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkin boʻladi.

4. SOLIQ TEKSHIRUVLARI NATIJALARI BOʻYICHA QABUL QILINGAN SOLIQ ORGANLARI QARORLARI USTIDAN SHIKOYAT BERISH TARTIBI VA MUDDATLARI QANDAY?

Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat yuqori turuvchi soliq organiga qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi orqali beriladi.

Qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi bunday ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida uni yuqori turuvchi soliq organiga barcha materiallar bilan birga yuborishi shart.

Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat shaxs oʻz huquqlari buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin.

Shikoyat va unga ilova qilinadigan hujjatlar soliq organiga yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin.

Shikoyat uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.

Shikoyatda quyidagilar koʻrsatiladi:

1) jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda yashash joyi yoki shikoyat berayotgan yuridik shaxsning nomi va manzili;

2) soliq organining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjati, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilayotgan shikoyat;

3) soliq organining nomi, normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjat, ustidan shikoyat berilayotgan mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi);

4) shikoyat berayotgan shaxs oʻzining huquqlari qaysi asoslarga koʻra buzilgan deb hisoblasa, oʻsha asoslar;

5) shikoyat berayotgan shaxsning talablari.

Shikoyatda telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va shikoyatni oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.

Shikoyat soliq organining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjati, uning mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat berayotgan shaxsning vakolatli vakili tomonidan berilgan taqdirda, shikoyatga ushbu vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Shikoyatga shikoyat berayotgan shaxsning dalillarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi mumkin.

Shikoyatni koʻrib chiqish davomida uni bergan shaxs oʻz dalillarini tasdiqlovchi qoʻshimcha hujjatlarni shikoyat boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar taqdim etishga haqli.

Yuqori turuvchi soliq organi shikoyat, uni bergan shaxsning dalillarini tasdiqlovchi hujjatlar, shikoyat koʻrib chiqilishi davomida taqdim etilgan qoʻshimcha hujjatlar, shuningdek, quyi turuvchi soliq organi tomonidan taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqadi.

Shikoyatni koʻrib chiquvchi soliq organi oʻz tashabbusi yoki murojaat qiluvchining iltimosiga koʻra, shikoyatni eshitishni tashkil etishi mumkin.

Yuqori turuvchi soliq organi shikoyatni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldiradi;

soliq organining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjatini bekor qiladi;

soliq organining qarorini toʻliq yoki qisman bekor qiladi;

soliq organining qarorini toʻliq bekor qiladi va ish yuzasidan yangi qaror qabul qiladi;

soliq organlari mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi)ni noqonuniy deb eʼtirof etadi va ishning mohiyati boʻyicha qaror chiqaradi.

5. BITIMLARNING IQTISODIY MAZMUNI VA ULARNI YURIDIK JIHATDAN RASMIYLASHTIRISH NIMA?

Soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq toʻlovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan yoki shartnomaning nomlanishidan qatʼi nazar, oʻzining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi kerak.

Agar bitim yoki iqtisodiy munosabatlarning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi ularning haqiqatdagi iqtisodiy mazmuniga muvofiq boʻlmasa, soliq organlari soliq solish maqsadida bitimning yuridik tavsiflanishi, soliq toʻlovchining maqomi va (yoki) uning iqtisodiy faoliyati xususiyatini oʻzgartirishga haqli.

Qalbaki (koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan) bitimlar soliq solish maqsadida hisobga olinmaydi. Agar bunday bitimlar boshqa bitimlarni niqoblasa, soliqlarni hisoblash uchun haqiqiy bitimlarning iqtisodiy mazmuni va natijalari hisobga olinadi.

Agar bitimlar yoki boshqa iqtisodiy munosabatlarning barcha ishtirokchilari oʻzlari tuzgan bitimlarning barcha shartlari va talablarini bajarayotgan boʻlsa, soliqqa oid boʻlmagan munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan qoidalarning ayrim buzilishlari soliq toʻlovchi tomonidan olingan daromadlar yoki ularning qilgan xarajatlari (koʻrgan zararlari)ni soliq solish maqsadida eʼtirof etishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas.

Agar soliq toʻlovchi yagona yoki ustuvor maqsadi soliq toʻlamaslik tarzidagi asossiz soliq nafi olish yoxud oʻzi toʻlaydigan soliqlarning summasini kamaytirishdan iborat boʻlgan operatsiyalar yoki operatsiyalar ketma-ketligini amalga oshirsa, uning bunday harakatlari ushbu Kodeks maqsadlarida huquqni suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etiladi.

Soliq summalarini kamaytirishga oid sxema ham huquqni suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etiladi, bunda ushbu kamaytirish bevosita yoki bilvosita maqsad yoxud oqibat boʻladi yoki maqsadlar yoxud oqibatlardan biri boʻladi hamda bu maqsad yoki oqibat ikkinchi darajali boʻlmaydi. Soliq summalarini kamaytirish soliq solish qamrovini bevosita yoki bilvosita oʻzgartirish, soliq imtiyozlaridan foydalanish yoki toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summalarini boshqacha tarzda kamaytirishni oʻz ichiga oladi.

Huquq suiisteʼmol qilingan hollarda, soliq organlari soliq toʻlovchi toʻlashi lozim boʻlgan soliq summalarini aniqlashda huquqni suiisteʼmol qilish alomatlariga ega boʻlgan ayrim operatsiyalar yoki operatsiyalar ketma-ketligini eʼtiborga olmaslikka haqli. Shuningdek, soliq organlari toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar summalarini bunday suiisteʼmollikning taʼsirini istisno etadigan tarzda oʻzgartirish vakolatiga ega.

Yuqorida koʻrsatilgan huquqni suiisteʼmol qilish va bitim qalbakiligi (koʻzboʻyamachilik uchun tuzilganligi) holatlarini aniqlash, shuningdek, ularning oqibatlarini qoʻllash soliq organlari, soliq toʻlovchi norozi boʻlgan taqdirda esa soliq organlarining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan amalga oshiriladi.

6. LOZIM DARAJADA EHTIYOTKORLIK NIMA?

Soliq munosabatlarida soliq toʻlovchilar kontragentlarni tanlash chogʻida ularning soliq organlarida soliq toʻlovchilar sifatida hisobga qoʻyilganligi, kontragentning ishbilar­monlik obroʻsi, ishlab chiqarish bazasi va xodimlari mavjudligi, moliyaviy holati, bitim boʻyicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini tekshirib, lozim darajada ehtiyotkorlik qilishi shart.

Soliq toʻlovchi tomonidan uning oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlar boʻyicha qilingan xarajatlar (koʻrilgan zararlar), agar ushbu soliq toʻlovchi bitim tuzayotganda, lozim darajada ehtiyotkorlik qilmagan boʻlsa, soliq solish maqsadida tan olinmaydi.

Soliq organlari soliq toʻlovchilarga kontragentlarning soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek, boshqa axborotdan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda foydalanish imkoniyatini beradi.

7. SOLIQ TEKSHIRUVLARI NATIJALARI BOʻYICHA QABUL QILINGAN SOLIQ ORGANLARI QARORLARI USTIDAN MAʼMURIY SUDGA SHIKOYAT BERISH TARTIBI QANDAY?

Soliq tekshiruvlari natijalari boʻyicha qabul qilingan soliq organlarining qarorlari ustidan ariza (shikoyat) maʼmuriy sudga yozma shaklda beriladi. U arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.

Ariza (shikoyat)da quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

1) ariza (shikoyat) berilayotgan sudning nomi;

2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;

3) arz qilingan talablarga asos boʻlgan holatlar (agar ular mavjud boʻlsa);

4) arz qilingan talablar asoslarini tasdiqlovchi dalillar;

5) arizachining qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, talab bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar;

6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.

Ariza (shikoyat)da arizachi yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.

Ariza (shikoyat)da, agar nizoni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlsa, boshqa maʼlumotlar, shuningdek, arizachidagi mavjud boʻlgan iltimosnomalar koʻrsatiladi.

Arizachi oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talabni, agar ular maʼmuriy sudga taalluqli boʻlsa, bitta ariza (shikoyat)ga birlashtirishga haqli.

Ariza (shikoyat)ga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:

1) belgilangan tartib va miqdorda davlat boji toʻlanganligi, agar bu ushbu toifadagi ishlar uchun qonunda nazarda tutilgan boʻlsa;

2) belgilangan tartib va miqdorda pochta xarajatlari toʻlanganligi;

3) ariza (shikoyat) va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari javobgar hamda uchinchi shaxslarga yuborilganligi;

4) arz qilingan talablarga asos boʻlgan holatlar;

5) ariza (shikoyat)ni imzolash vakolati, agar u vakil tomonidan imzolangan boʻlsa.

Ariza tuzishda quyidagi qoidalarga rioya qilinishi kerak:

birinchidan, ariza (shikoyat) hajm jihatdan juda koʻp boʻlmasligi zarur. U oddiy va tushunarli tilda, lirik chekinishlarsiz va ortiqcha his-tuygʻularsiz yozilishi lozim. Umuman olganda, arizada muammoning mohiyati aniq, tushunarli va savodli tarzda bayon qilinishi kerak. Ariza (shikoyat)ning hajmi esa, odatda, uch-toʻrt varaqdan oshmasligi tavsiya qilinadi. Alohida hollarda nizoning huquqiy holati qiyinligidan kelib chiqib, ariza (shikoyat) 10 va undan ortiq betdan ham iborat boʻlishi mumkin;

ikkinchidan, ariza (shikoyat)da aniq (konkret) holatlarda qonun va huquqiy normalar buzilishining faktlarini koʻrsatish majburiydir. Ularni koʻrsatmasdan yoki ularga havola qilmasdan ariza (shikoyat)ni shakllantirib boʻlmaydi. Bundan tashqari, arizada huquqbuzarlik holatlarini tasdiqlaydigan barcha maʼlumotlar, shu jumladan, talabni tasdiqlovchi dalillar, guvohlarning koʻrsatmalari, ashyoviy dalillar (agar ular mavjud boʻlsa) bayon qilinishi lozim. Arizachi bitta arizada oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talabni birlashtirishga haqli. Bir nechta talabni birlashtirishga ular oʻzaro bogʻliq boʻlsa yoʻl qoʻyiladi;

uchinchidan, ariza (shikoyat)ning mazmuni va shakliga rioya qilish muhimdir.

8. SOLIQ ORGANLARI QARORLARI USTIDAN SUDGA QANCHA MUDDATDA SHIKOYAT QILISH MUMKIN?

MSIYUtK 186-moddasining birinchi qismiga koʻra, agar ushbu Kodeks yoki oʻzga qonunlarda boshqa muddatlar belgilanmagan boʻlsa, maʼmuriy organning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining, ular mansabdor shaxslarining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida maʼlum boʻlgan paytdan eʼtiboran uch oy ichida sudga berilishi mumkin.

Soliq organlari qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinganda, ushbu qonun talabida nazarda tutilgan uch oylik muddatga rioya qilingan yoki qilinmaganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Chunki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil
24-dekabrdagi “Maʼmuriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha sud amaliyoti haqida”gi 4-sonli qarorining 19-bandida berilgan tushuntirishlarga koʻra, arizaning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlardan oʻtkazib berilishi uni qaytarish uchun asos boʻlmaydi. Bunday hollarda ariza ish yuritishga qabul qilinib, mazmunan koʻrib chiqilishi lozim.

Sud har bir ish boʻyicha arizachi tomonidan qonun bilan belgilangan sudga murojaat qilish muddatlariga rioya qilinganini aniqlashi, mazkur muddatlar buzilganda esa manfaatdor shaxs ushbu holatga eʼtibor qaratganligidan qatʼi nazar, ularning oʻtkazib yuborilishi sabablarini muhokama qilishi lozim.

Sudga murojaat qilish muddati arizachiga quyidagilar maʼlum boʻlgan kunning ertasidan boshlanadi:

uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;

uning huquqlari va erkinliklarini amalga oshirishga toʻsiqlar vujudga keltirilganligi;

uning zimmasiga biror-bir majburiyat yuklanganligi.

Sudga murojaat qilish muddatiga rioya qilinishi masalasi ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega holat ekanligi sababli, uni tiklash yoki tiklashni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar, MSIYUtK 156-moddasi birinchi qismining 2-bandiga koʻra, sudning hal qiluv qarorida asoslantirilishi lozim.

Agar sudga murojaat qilish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash sud tomonidan rad etilgan boʻlsa, arizani qanoatlantirish rad qilinadi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, soliq organlari qarorlari ustidan sudga shikoyat berish muddatini hisoblashda arizachiga nizolashilayotgan qarorni topshirilganligi holati har doim ham muhim ahamiyat kasb etmaydi. Chunki arizachi nizoli qaror boʻyicha oʻzining huquqi buzilganligini nafaqat qarorni olganidan soʻng, balki qaror ijrosi boʻyicha soliq organi tomonidan amalga oshirilgan harakatlar (qaror soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuborilganligi, hisob-raqamiga inkasso topshiriqnomasini qoʻyish, hisobotga tuzatish kiritib, qarzdor qilib qoʻyish va boshqalar) orqali ham bilishi mumkin.

Shu munosabat bilan sudga murojaat qilish muddati oʻtganligini uzrli deb topish haqidagi iltimosnomalarni muhokama qilishda arizachiga nizolashilayotgan qaror topshirilgan yoki topshirilmaganligi bilan birga, huquq buzilganligi holati yana qaysi hollarda maʼlum boʻlgan yoki boʻlmaganligiga eʼtibor qaratish lozim.

9. SOLIQ ORGANLARI QARORLARI USTIDAN SUDGA MUROJAAT QILINGANDA, DAVLAT BOJINI UNDIRISH TARTIBI QANDAY?

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni
10-moddasi birinchi qismining 1-bandida tadbirkorlik subyektlari – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlarining, maʼmuriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan
boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda, maʼmuriy sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinganligi koʻrsatilgan.

Oʻz navbatida, ushbu 3-bandga berilgan izohda “Kichik tadbirkorlik subyektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida sudlarga murojaat qilish chogʻida ushbu bandning “a”, “g” va “ye” kichik bandlarida koʻrsatilgan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlaydi” deb koʻrsatilgan.

Ushbu qonun talabida tadbirkorlik subyekti har qanday talab bilan sudga murojaat qilganda emas, balki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzgan holda, toʻsqinlik yaratayotgan qarorlar va harakatlar ustidan sudga murojaat qilishda davlat bojidan ozod etilganligi nazarda tutilgan. Shu sababli tadbirkorlik subyekti tomonidan haqiqiy emas deb topish soʻralayotgan qaror yoki harakat (harakatsizlik) bevosita tadbirkorlik subyektining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki qilmasligiga eʼtibor qaratgan holda ariza taqdim qilishda davlat boji undirish masalasini hal qilish lozim.

Maʼmuriy organ tomonidan qonunda belgilangan tartibda oʻz vakolati doirasida (kameral, sayyor, audit soliq tekshiruvi va boshqalar) qabul qilingan qarorlar yoki amalga oshirilgan harakatlar tadbirkorlik subyektlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qaror yoki harakat sifatida baholanmasligi, bunday qaror yoki harakatlar ustidan sudga shikoyat berishda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga ilova “Davlat boji stavkalarining miqdorlari” 3-bandining “b” kichik bandida nazarda tutilgan miqdorda davlat boji toʻlanishi lozimligiga qatʼiy rioya qilish kerak.

10. SOLIQ ORGANI MANSABDOR SHAXSINING XATTI-HARAKATI NIMADA IFODALANADI?

“Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining
4-moddasiga koʻra, maʼmuriy harakatlar deganda, maʼmuriy organning jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan maʼmuriy-huquqiy faoliyat sohasida amalga oshirilgan, maʼmuriy yoki protsessual hujjat boʻlmagan, yuridik ahamiyatga ega harakatlari (harakatsizligi) tushuniladi.

Protsessual hujjat deganda, maʼmuriy organ tomonidan maʼmuriy ish yuritish davomida qabul qilinadigan, maʼmuriy ishni mazmunan hal etmaydigan hujjat tushuniladi.

Mazkur qonun talablaridan koʻrinadiki, soliq organining harakati (harakatsizligi) hech qanday protsessual yoki maʼmuriy hujjat sifatida ifodalanmasligi kerak. Yaʼni soliq organi tomonidan kameral yoki boshqa soliq tekshiruvi jarayonida tuziladigan dalolatnoma, bayonnoma va shunga oʻxshash hujjatlar soliq organi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) sifatida koʻrilishi mumkin boʻlmaydi.

Shuning uchun soliq organi mansabdor shaxsi tomonidan tuzilgan dalolatnoma yoki bayonnomani haqiqiy emas deb topish yoki bunday hujjatlarni tuzishda ifodalangan harakatlarni gʻayriqonuniy deb topish haqidagi talablar sudga taalluqli boʻlmaydi. Bundan huquqiy oqibat keltirib chiqaruvchi dalolatnoma yoki boshqa turda rasmiylashtirilgan hujjatlar mustasno.

Oʻz navbatida, soliq organi mansabdor shaxsining kameral yoki boshqa soliq tekshiruvi natijasida qabul qilingan qarorni qabul qilishda ifodalangan harakatini gʻayriqonuniy deb topish haqida talab ham sudga taalluqli boʻlmaydi. Chunki ushbu holatda mansabdor shaxsning harakati maʼmuriy hujjat hisoblangan qarorda ifodalangan boʻladi. Bunday hollarda qaror chiqarishda ifodalangan harakat ustidan emas, balki qarorni haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan murojaat qilish lozim.

11. SOLIQ TOʻLOVCHINING HISOBOTIGA TUZATISH KIRITISH BILAN BOGʻLIQ HARAKATLAR QANDAY KOʻRILADI?

Soliq organlari tomonidan kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilgan boʻlsa-da, tekshiruv natijasi boʻyicha hech qanday qaror qabul qilinmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri soliq toʻlovchiga nisbatan qarz summalari hisoblanib, soliq toʻlovchining hisobotlariga tuzatish kiritilmoqda. Buning natijasida soliq toʻlovchilarning hisoboti va soliq bazasida ular muayyan miqdorlarda qarzdor ekanligi oʻz aksini topmoqda. Oʻz navbatida, soliq toʻlovchilar tomonidan soliq organi mansabdor shaxslarining bunday harakatlarini qonunga xilof deb topish haqidagi shikoyatlar bilan maʼmuriy sudlarga murojaat qilinmoqda.

Bunday toifadagi nizolarni koʻrishda soliq organining harakati qanday yuridik oqibatlar keltirib chiqarayotganiga eʼtibor qaratish lozim. Chunki mansabdor shaxsning yuqorida qayd etilgan harakati oqibatida soliq bazasida soliq toʻlovchining qarzdor boʻlib qolishi kelgusida soliq toʻlovchi tomonidan oʻziga tegishli boʻlgan har qanday mulkni tasarruf etishiga toʻsqinlik qiladi. Yaʼni qarzdorlik mavjudligi notarius oldi-sotdi shartnomasi yoki boshqa xil turdagi notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etadi.

Shuning uchun soliq organi mansabdor shaxsning bunday harakatlari yuridik oqibatlar keltirib chiqargan boʻlsa, ular maʼmuriy sudlar tomonidan mazmunan koʻrib chiqilishi va qonuniy qaror qabul qilinishi lozim.

12. Soliq organlari Qarorlari Yoki Soliq Organlari Mansabdor Shaxslari Xatti-Harakatlari Ustidan Berilayotgan Ariza (Shikoyat)Lar Yuzasidan Qabul Qilinadigan Qarorlarning oʻziga Xos Xususiyatlari

MSIYutKning 189-moddasi talablariga koʻra, sud ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organining qarori yoki uning ayrim qismlari qonun hujjatlariga zid ekanligi hamda arizachining huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzayotganligini aniqlasa, qaror yoki uning ayrim qismlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.

Qarorni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

1) qarorni qabul qilgan soliq organining nomi, qarorning nomi, raqami va u qabul qilingan sana;

2) qarorning toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilganligi;

3) sud xarajatlarini taqsimlash.

Qaror haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, sud tegishli soliq organi yoki mansabdor shaxsning zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklaydi:

qonunga muvofiq qaror qabul qilish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yoxud arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishlarini boshqacha usulda bartaraf etish;

yoʻl qoʻyilgan buzilishlarni bartaraf etish hamda hal qiluv qarorining ijrosi toʻgʻrisida sud va arizachiga, agar sud tomonidan boshqacha muddat belgilanmagan boʻlsa, sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir oy ichida xabar qilish.

Oʻz navbatida, sud agar ustidan shikoyat qilinayotgan qaror yoki uning ayrim qoidalari yoxud harakatlar (harakatsizlik) qonunga muvofiq ekanligi hamda arizachining huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmayotganligini aniqlasa, u arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI

1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi.

3. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil
7-yanvardagi 1-sonli “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2020-yil
30-apreldagi 2020-14-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizom.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2020-yil
18-maydagi 2020-16-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizom.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2020-yil
18-maydagi 2020-17-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Soliq auditini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizom.

ARTIKOV DILMUROD RAHMATILLAYEVICH

SOLIQQA OID

NIZOLARNI HAL ETISH

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 131-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.

QAYDLAR UCHUN

_______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________