SO‘Z BOSHI

Dunyoda xotin-qizlar va erkaklarga bir xil huquq hamda imkoniyatlar yaratish orqali jamiyatning barcha sohalarida gender tengligini taʼminlash ayollarni ijtimoiy-siyosiy sohadagi huquqlarini kafolatlashning muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan. Jumladan, BMTning “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida”gi va BMT Rivojlanish Dasturining “Gender va rivojlanish” loyihalari doirasida davlatlarda xalqaro tajribalar asosida ayollarni ijtimoiy-siyosiy sohalarga yo‘naltirish va ishtirok etishi borasida vazifalar belgilanib kelinmoqda. Ushbu xalqaro huquqiy hujjatlar dunyoda davlatlar tomonidan ayollarning jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy rolini oshirish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar ko‘rish zaruratidan dalolat beradi.

Jahonda gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash, davlatlarning maqsadli dasturlarini va qarorlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joriy qilish, ilm-fan sohasida jinslar o‘rtasidagi bilimlar bo‘linishi bo‘yicha gender tengsizligiga barham berish masalalariga muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadigan tadqiqot yo‘nalishi sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Respublikamizda xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, manfaatlarini taʼminlash, ularni jamiyatning teng huquqli, faol va bunyodkor aʼzosiga aylantirish, davlat hokimiyati organlarida xizmat mavqeini oshirishda ayollarga teng imkoniyatlar yaratish, ayollarga bo‘lgan kamsitish va zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy, psixologik, tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni uy-joy va ish bilan taʼminlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilada maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash” masalalari aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish ustuvor vazifa etib belgilangan bo‘lib, mazkur vazifalar ushbu sohadagi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni dolzarb etib belgilamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qatʼiy davom ettiramiz”, – deb taʼkidladi.

Bugungi kunda gender tengligi masalalari milliy qonunchilikdan ham munosib o‘rin oldi. 2019-yil 2-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 17-avgustda qabul qilindi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2019-yil 23-avgustda maʼqullandi.

Yangilanayotgan O‘zbekistonning islohotlarida inson huquq va manfaatlarining ustunligi, xususan, erkak va ayol huquqlarining himoyasi, jamiyatda xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlariga ahamiyat berish masalalari keng o‘rin olgan. Keyingi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar ijtimoiy hayot ravnaqiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillardan bo‘lgan erkaklar va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarda teng emasligi muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish rahbar va xodimlarning menejment sohasida ishlashning ilg‘or usullari hamda bilim va kompetensiyalarni o‘zlashtirganiga bog‘liqligini ko‘rsatadi.

“GENDER” ATAMASI NIMANI ANGLATADI?

Jins erkaklar va ayollar o‘rtasidagi universal biologik farq bo‘lib, anatomik va fiziologik mohiyatni, yaʼni individning biologik jinsga – erkak yoki ayol jinsiga mansubligini aniqlash uchun asos bo‘ladigan biologik belgilar birligidir. Erkaklar va ayollar rollaridagi jiddiy bo‘lmagan farqlar ularning biologik xususiyatlariga taalluqlidir.

Taʼkidlanganidek, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi biologik, tabiiy farqlar bilan erkaklar va ayollarning xatti-harakatini, ijtimoiy va madaniy xarakteristikalarni aniqroq farqlash uchun gender atamasi qabul qilingan. Gender tushunchasining kiritilishi eng umumiy maʼnoda ikki tushuncha – biologik va ijtimoiy jins tushunchalarini farqlashga yordam beradi. Gender (inglizcha gender – “zot”dan) jins tushunchasini fiziologik voqelik ustqurmasi bo‘lgan ijtimoiy konstruktsiya sifatida belgilaydi.

Zamonaviy jamiyatda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, shaxslararo munosabatlarning rivojiga xizmat qiladigan va ijtimoiy tizimning barcha shakllarida – oila, iqtisodiyot, mehnat bozori, davlat maʼmuriy amaliyotida keng qo‘llaniladigan, ijtimoiy adolat tamoyillari asosida jamiyat hayotini tashkil etishning dolzarb muammosi gender tengligidir.

Yodda tuting!

Gender (ingl. gender, lot. genus – zot, jins, kelib chiqish), biologik jins tushunchasidan farqli ravishda, jinsga oid ijtimoiy xususiyatlarni anglatadi.

Biologik jins (jinsiy identifikatsiya) inson tabiatining tub jihati sifatida erkak va ayolni ajratib turadigan quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarni anglatadi:

genetik (DNK, xromosomalar majmui – ayol 46XX, erkak

46XY);

gormonal (jinsiy gormonlar, estrogen, androgen);

somatik (erkak va ayol tana tuzilishi xususiyatlari);

gonadal (reproduktiv faoliyat, tuxum hujayra, spermato-

zoid);

fiziologik (erkak va ayol organizmida yuz beradigan jarayonlar).

Biz tug‘ilish paytida erkak yoki ayol deb taʼriflanamiz va bu hayot davomida ijtimoiy-huquqiy haqiqatga aylanadi.

Gender erkaklar va ayollarning jamiyatdagi mavqeini belgilaydigan ijtimoiy-madaniy konstrukt, ijtimoiy rollarning jinsga bog‘liq jihatlari to‘plami, jamiyat tomonidan erkak yoki ayoldan kutilgan xulq-atvor modellaridir.

Аntropologlar tadqiqotlari gender ijtimoiy tashkil topganligining ishonarli isboti bo‘ldi. Ular o‘zlari o‘rgangan jamiyatlarda ota va ona rollari, ijtimoiy ierarxiyada erkaklar va ayollar mavqei qay tarzda belgilanganligini kuzatgan.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, anʼanaviy erkaklarga xos va ayollarga xos deb hisoblangan tasavvurlar hatto bir jamiyat rivoji tarixi davomida ham o‘zgarishi mumkin. Bunday tadqiqotlar biologik jinsga mansublik harakatlarining anʼanaviy jihatlarini soddalashtirilgan tarzda tushuntiruvchi ko‘p asrlik amaliyotni shubha ostiga oldi. Shaxsning erkaklarga yoki ayollarga xos deb hisoblangan xususiyatlari bugungi kungacha jamiyat tomonidan u yoki bu jinsga nisbat beriladigan kiyim, odatlar, bosh kiyim kabilar jinsga kam darajada taalluqlidir.

Shunisi muhimki, biologik va ijtimoiy xususiyatlardan tashqari genderga madaniy xususiyatlar ham taʼsir ko‘rsatadi. Eng keng maʼnoda madaniyat – insoniyat tomonidan dunyo haqidagi bilimlarni anglash va tartibga solish davomida vujudga kelgan narsalar. Аynan shular insonni hayvonot dunyosidan ajratib turadi. Madaniyat o‘z ishiga quyidagilarni qamrab oladi – “til, urf-odat, turmush tarzi, harakat meʼyorlari, tafakkur, bilim, qadriyatlar, afsonalar va sanʼatda dunyoning ramziy qabul qilinishi (ifodalanishi)”. O. Voroninaning fikricha, inson mentalitetida erkaklarga xoslik va ayollarga xoslik quyidagi madaniy ramziy qatorlar elementlari sifatida mavjud bo‘ladi:

erkaklarga xoslik – ratsional – maʼnaviy – ilohiy – … – madaniy;

ayollarga xoslik – hissiyotga oid – badanga xos – gunohli – … – tabiiy.

Jinsning biologik xususiyatidan farqli o‘laroq ijtimoiy va madaniy ramziy xususiyatlarda “erkaklarga xos” deb hisoblanadigan yoki unga o‘xshatiladigan barcha tushunchalarda ijobiy, ahamiyatli va ustun deb belgilanadigan qadriyatli yo‘nalishlar mujassamlashgan bo‘ladi. “Аyollarga xos” deb hisoblangan xususiyatlar esa salbiy, ikkilamchi va bo‘ysunuvchan deb qaraladi.

Ahamiyat bering!

Kundalik hayotimizda jins bilan bog‘lanmagan ko‘plab tushunchalar “erkaklarga xos” yoki “ayollarga xos” deb hisoblanadi. Yaʼni, o‘ziga xos “jinsiy”, gender xususiyatga ega bo‘lib qoladi. “Erkaklarga xos” yoki “ayollarga xos” tushunchalarni aniq farqlash uchun“femininlik” (ayollik) va “maskulinlik” (erkaklik) tushunchalari qabul qilingan. Yangi tushunchalarning kiritilishi erkaklarga xoslik va ayollarga xoslikning biologik ziddiyatini bartaraf etish, va tegishli ravishda eʼtiborni turli madaniyatlar shakllanishining ishki mexanizmlarini gender nuqtai nazaridan oshishga qaratish imkonini berdi.

“GENDER TENGLIGI” TUSHUNCHASI NIMANI ANGLATADI?

Qadim yunon faylasuflari (Suqrot, Arastu, Aflotun)dan tortib Sharq qomusiy olimlari (Abu Nasr Forobiy, Beruniy, Burhoniddin Marg‘iloniy va boshqalar)gacha o‘z asarlarida eng yaxshi davlat sifatida jamiyatda tenglik va adolat hukm surgan mamlakatni eʼtirof etishgan. F. Muhitdinova to‘g‘ri taʼkidlab o‘tganidek, “Ushbu mutafakkirlar eng yaxshi qonunlar sifatida ham barcha tengligini kafolatlagan qonunlarni ilgari surishgan” .

Erkaklar va ayollarning huquqlari va erkinliklari tengligi to‘g‘risida»gi nazariy-huquqiy qarashlarni ilgari surishdan oldin “tenglik” va “teng huquqlilik” kabi tushunchalarning amal qilish chegaralarini tahlil qilish, shuningdek ushbu tushunchalarni gender va jinsi bilan bog‘liqligini aniqlash zarur, deb hisoblaymiz

M.V. Baglayning taʼkidlashicha, tenglik insonning qonun oldida bir xil huquqiy maqomini belgilaydi, yaʼni huquqlar, erkinliklar va majburiyatlarning butun majmuasini aniqlashga xizmat qilsa, teng huquqlilik esa o‘z navbatida faqat inson huquqlarini aniqlash bilan tavsiflanadi. Ushbu nuqtayi nazar MDH davlatlari olimlari orasida eng keng tarqalgan qarashlardan biri sanalib, nafaqat yuqoridagi ikki tushunchani bir-biridan farqini, balki har birini mazmunini ham oshib berishga qaratilgan.

Milliy onlayn entsiklopediyaga murojaat qilsak, unda “tenglik deganda – jamiyatdagi barcha shaxs, qatlam, guruh, partiya va shu kabining qonun oldida baravarligini ifodalovchi tushuncha; adolatli jamiyatning asosiy tamoyillaridan biri” ekanligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, “teng huquqlilik deganda – konstitutsionalizmning asosiy prinsiplaridan va demokratiyaning muhim elementlaridan biri; fuqarolarning davlat, qonun, sud oldida tengligini rasman eʼtirof etishni bildiradi. Unga ko‘ra, muayyan davlat fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, yashash joyi, dinga munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga taalluqligi, shuningdek, boshqa holatlaridan qatʼi nazar, teng huquq, erkinlik va majburiyatga ega bo‘ladilar” , degan taʼrif ilgari suriladi.

“Konstitutsiyaviy huquq” ensiklopedik lug‘atga murojaat qilsak, unda “tenglik deganda bir necha yuz yillar davomida aniq bir to‘xtamga kelinmagan, muzokaralar va kurashlar olib borilayotgan, keng tarqalgan ijtimoiy-siyosiy kategoriyadir. Tenglikning predmeti bo‘lib insonning inson bilan tengligi hisoblanadi” , deb qayd etilgan.

Ushbu lug‘atda “teng huquqlilik tushunсhasini taʼriflashda fuqarolarning huquq, erkinlik va majburiyatlarga bir xil hajmda ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi; agarda cheklashlar joriy qilinsa, ular barcha ga barobardir: huquq, erkinlik va majburiyatlarni bajarish kafolatlari – ham bir xil” degan taʼrif berilgan .

O‘z navbatida, B.S. Nersesyants huquqiy tenglikni hamma uchun umumiy miqyosdagi erkin va mustaqil huquq subyektlarining tengligi, yagona meʼyor, teng o‘lchov deb belgilaydi. Ushbu tavsiya etilayotgan talqin M.V. Baglay va boshqa yuqorida ko‘rsatilgan taʼriflarga qaraganda ancha kengroq bo‘lib, unda meʼyor tushunchasidan foydalanishi ushbu tushunchani mavhumligidan darak beradi deb hisoblaymiz.

Tenglik va teng huquqlilik tushunchalarini ijtimoiy tushuncha sanalgan gender tushunchasiga nisbatan tatbiq qilish ushbu tushunchalarni tushunishni yanada murakkablashadi.

Ahamiyat bering!

Erkak va ayollar tengligi g‘oyasini yunon olimi Antifont o‘z asarlarida qo‘llagan holda: “Tabiat barchani: ayollarni ham, erkaklarni ham teng qilib yaratadi, lekin odamlar insonlarni tengsiz holatga soluvchi qonunlarni ishlab chiqishadi”, deb taʼkidlagan. Sharq qomusiy olimlardan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida tenglik hukm surgan davlatni fozillikka intilgan davlat sifatida qayd etgan bo‘lsa, 1791-yilda Olimpiya De Guj tomonidan tayyorlangan fuqarolik va ayol huquqi deklaratsiyasida ilk bor ayollarning erkin fikrlash va o‘z fikrini bildirish huquqiga ega ekanligi eʼtirof etilgan.

Gender tengligi (erkaklar va ayollarning tengligi) – oilaviy va boshqa huquqiy munosabatlarda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi huquqlar tengligiga erishishni nazarda tutadigan tushuncha. Baʼzi tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, gender tengligi patriarxal tizimdan keyingi ijtimoiy-jinsiy munosa­batlarning keyingi bosqichidir.

Gender tengligi tamoyili insonning shaxs sifatida namoyon bo‘lishi uchun barcha ijtimoiy to‘siqlarni o‘rganish va bartaraf etish, shuningdek, hayotning barcha sohalarida erkaklar va ayollar uchun teng ijtimoiy imkoniyatlarni yaratishdan iborat.

Gender tengligi jamiyatda va shaxsiy hayotda erkaklar va ayollarning ijtimoiy roli, mavqei, vazifalarini ifodalovchi tushunchadir.

Yodda tuting!

Gender tengligi – bu:

  • Inson huquqlarining muhim va ajralmas qismi.
  • Hozirgi zamonning eng muhim masalalaridan biri.
  • Jamiyatda tinchlik va ijtimoiy hamkorlik o‘rnatishning muhim omili.
  • Аyollarni, xotin-qizlarni jamiyat hayotiga teng jalb etish.
  • Maʼnaviy va iqtisodiy taraqqiyotning kafolati.
  • Аyollar va xotin-qizlar sayyoramiz aholisining teng yarmini tashkil etadi (BMT). Bu insoniyatning yarim salohiyati, kuch-qudrati demakdir.

Gender o‘ziga xos bo‘lgan ijtimoiylashuv tizimi orqali tashkil topadi. Buning ishiga mehnat taqsimoti va jamiyatda qabul qilingan madaniyat normalari, rollar va stereotiplarni kiritish mumkin. Jamiyat tomonidan qabul qilingan gender normalari va stereotiplar ko‘pincha psixologik hislatlarni shakllantiradi. Yaʼni, jamiyatda o‘rnatilgan ushbu normalar insonning biologik jinsiga asoslangan holda uning hislatlariga, kasbiga, faoliyat turlariga baho beradi. Ammo, gender rollari universallikdan yiroq bo‘lib, har xil jamiyatlarda o‘zaro farqlanadilar. Ushbu maʼnoda ayol yoki erkak bo‘lish qandaydir tabiiy hislatlarga ega bo‘lishni emas, balki u yoki bu ijtimoiy rolni ijro etishni anglatadi.

Yodda tuting!

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida shaxsning huquqiy maqomini belgilovchi bir qator prinsiplar mustahkamlangan bo‘lib, asosiy qonunning 18-moddasida, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar, deb yozilgan.

Demak, shaxsning konstitutsiyaviy maqomi haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, uning prinsiplariga, yaʼni ayol va erkaklarning tengligi prinsipiga eʼtibor berishimiz darkor.

Zamonaviy davlat va jamiyatlarda ayol va erkaklarning teng huquqliligi muammoli masala hisoblanadi. Hozirgi kunda ushbu masala huquq, tarix, sotsiologiya, iqtisod kabi soha mutaxassislari tomonidan o‘rganilmoqda.

Gender tengligi tushunchasi, tenglik prinsipining ajralmas qismi bo‘lib, demokratik davlat qurishda asosiy rolni o‘ynaydi. O‘z navbatida tenglik prinsipi juda keng qamrovli bo‘lib, shaxsni jinsi, irqi, ijtimoiy kelib chiqishi, dini va boshqalardan qatʼi nazar kamsitishning har qanday shaklini inkor etadi.

Foydali tushunchalar!

Gender sezuvchanlik – bu ayollar va erkaklar hayotining o‘ziga xos ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va siyosiy sharoitlarini hisobga oladigan yondashuv. Ushbu yondashuvning maqsadi gender tengsizligi va kamsitishlarni kamaytirish, xotin-qizlarga rivojlanish jarayonida ishtirok etish uchun ko‘proq imkoniyatlar berishdir.

Gender munosabatlari barcha muassasalarda mavjud bo‘lib, gender sezuvchanlik, ayniqsa, jinsga qarab imtiyozlar va kamsitishlarni tan olishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Аyollarga odatda jamiyatda salbiy mavqeda deb qaraladi.

Bugungi kunda ko‘plab tashkilotlar o‘z xodimlarini hayotida yoki ish joyida gender masalalariga nisbatan ko‘proq xabardor va sezgir bo‘lishga o‘rgatish uchun gender sezuvchanlik mavzusi bo‘yicha maxsus treninglar o‘tkazadilar. Bunday treninglar Qo‘shma Shtatlarda, ayniqsa sog‘liqni saqlash va taʼlim kabi xizmat ko‘rsatish sohasida tobora ommalashib bormoqda.

Gender sezuvchanlikning aksi bu gender ko‘rlik (inglizcha gender blindness) – siyosiy va ijtimoiy dasturlar, ilmiy tadqiqotlar, axborot va o‘quv materiallarini ishlab chiqishda gender omillarini hisobga olmaslik yoki gender masalalarini ongsiz ravishda eʼtiborsiz qoldirishni anglatuvchi atama hisoblanadi.

Ushbu yondashuv ayollar va erkaklar yashaydigan o‘ziga xos ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va siyosiy kontekstlarni hisobga olmaydi.

GENDER STEREOTIPLARI

Gender stereotipi (yunoncha, στερεός ‒ qattiq, τύπος ‒ iz) xulq- atvor shakllari, ijtimoiy rollar, dunyoqarash, mafkura, emotsional intellekt (erkak/ayol dixotomiyasi) shaklini belgilaydigan barqaror obrazlar, shablonlar, ijtimoiy kutishlar, faoliyat majmuini anglatadi.

Gender tengsizlik tarixiy ildizlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, konservativ stereotiplarni shakllantiradi. Masalan, oilada ayollar va erkaklar ijtimoiy rollarining taqsimlanishi.

Ahamiyat bering!

“Gender stereotiplari” tushunchasiga, birinchidan, erkaklar va ayollarni ifodalovchi xususiyat va taʼriflar kiradi. Ikkinchidan, gender stereotiplarida erkak va ayollar jinsiga anʼanaviy ravishda xos bo‘lgan meʼyoriy xulq-atvor namunalari mavjud bo‘ladi. Uchinchidan, gender stereotiplarida erkaklar va ayollar bir-birlaridan nima bilan farqlanishi to‘g‘risidagi odamlarning umumlashtirilgan fikri, mulohazasi, tushunchasi o‘z ifodasini topadi. Va nihoyat, to‘rtinchidan, gender stereotiplar ular mavjud bo‘lgan madaniy muhitga ham bog‘liqdir.

Barcha gender stereotiplarni uch guruhga taqsimlasa bo‘ladi.

Birinchisi – maskulinlik⁄feminlik (yoki femininlik) stereotiplari. Boshqacha aytganda, bu mardlik/latofatlilik stereotiplar deb ataladi. Dastavval, maskulinlik (mardlik) va feminlik (latofatlik) tushunchalari nimani anglatishini ko‘rib chiqamiz.

(Keyinchalik matnda bu ikki juft tushunchalar sinonim sifatida ishlatiladi: erkaklarga xos – maskulinlik, ayollarga xos – feminlik).

Feminlik va maskulinlik tushunchalariga berilayotgan mazmunni quyidagicha ifoda etish mumkin.

1. Maskulinlik va feminlik tushunchalari erkaklarga (maskulinlik) yoki ayollarga (feminlik) “xolisona xos bo‘lgan” (I. Konning taʼkidlashicha) ruhiy va xulq-atvoriy xususiyatlarni aks etadi.

2. Maskulinlik va feminlik tushunchasi turli ijtimoiy tasavvurlar, fikrlarni o‘z ichiga oladi, erkaklar va ayollar qanday va ularga qaysi xususiyatlar maqbul ekanligi aniqlanadi.

3. Maskulinlik va feminlik tushunchalarida ideal erkak va ideal ayolning meʼyoriy qoliplari o‘z ifodasini topadi.

Gender stereotiplarning ikkinchi guruhi oilaviy, professional va boshqa sohalarda muayyan ijtimoiy rollarni mustahkamlash bilan bog‘liq. Аyollarga, odatda, asosiy rollar sifatida oilaviy (ona, uy bekasi, turmush o‘rtog‘i) rollar, erkaklarga esa – professional rollar belgilanadi. I.S. Kletsina taʼkidlashicha, “erkaklar o‘z kasb-korida erishgan yutuqlariga qarab, ayollar esa – oilasi va bolalari mavjudligiga qarab baholanadi”.

Gender stereotiplarining uchinchi guruhi erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farqlikni mehnatning muayyan turlari bilan shug‘ullanish jarayonida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, erkaklarga, odatda ijodiy va yaratuvchanlik xarakteriga ega instrumental soha faoliyatidagi mashg‘ulot va kasblar, ayollarga esa – bajaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi xarakteri bilan farqlanuvchi ekspressiv sohalar xos deb hisoblanadi. Shuning uchun “erkaklarga xos” va “ayollarga xos”, deb ataluvchi kasblar mavjudligi to‘g‘risidagi fikr keng tarqalgan.

YUNESKOning maʼlumotlariga ko‘ra, erkaklarga xos kasblarning andozaviy ro‘yxati arxitektor, haydovchi, muhandis, mexanik, tadqiqotchi va hokazo kasblardan, ayollarga xos kasblar esa kutubxonachi, tarbiyachi, o‘qituvchi, aloqa xodimi, kotiba va boshqalardan iborat. Ta’kidlanishicha, “erkaklarga xos” rollar qatoriga sanoat, texnika, qurilish, harbiy, qishloq xo‘jaligi boshqa sohalaridagi mutaxassisliklarning keng majmui kiradi. Аyollarga bu borada anʼanaviy ravishda taʼlim sohasidagi (o‘qituvchi, tarbiyachi), tibbiyotdagi (vrach, hamshira, doya), xizmat ko‘rsatish sohasida (sotuvchi, farrosh, ofitsiant) kasblar mos deb hisoblanadi. Erkaklarning ilm sohasidagi bandligi aniq, ijtimoiy fanlar, ayollarning esa ishtiroki – aksariyat hollarda gumanitar fanlar bilan bog‘liq.

Erkaklarga va ayollarga xos deb taqsimlashning ushbu “gorizontal” bo‘linishi bilan birga vertikal bo‘linishi ham mavjud, yaʼni rahbar lavozimlarni ko‘pincha erkaklar egallaydi, ayollarning o‘rni esa ijrochi xarakterga ega.

Gender stereotiplarining keltirilgan tasnifi uzil-kesil emas va u yetarli darajada shartli tusga ega bo‘lganligi bois tahlilni oddiylashtirish uchun qabul qilingan. Gender stereotiplarning qayd etilgan guruhlari orasida feminlik⁄maskulinlik stereotiplari bir muncha umumiy va universal hisoblanadi. Ikkinchi va uchinchi guruhdagi andozalar ko‘proq shaxsiy xarakterga ega hamda aksariyat hollarda, oilaviy va professional sohalarni qamrab oladi. Bunda gender stereotiplarining bayon etilgan uchta guruhi bir-biri bilan o‘zaro qalin bog‘langan. Ehtimol, gender stereotiplarini tasniflash uchun turli xil asoslardan foydalangan holda ularning boshqa turlarini ham ajratib ko‘rsatish mumkindir.

GENDER TENGLIKNI TAʼMINLASHNING QONUNIY ASOSLARI

Inson huquqlarining ajralmas tarkibiy qismi xotin-qizlar huquqlaridir. Xotin-qizlar huquqlarining alohida muammo sifatida ajratilishi, avvalambor, erkaklar va ayollarning jamiyatdagi o‘rni va vazifalari har xilligi bilan bog‘liqdir. Аyol – inson zotining davomchisi, va bu haqiqat bilan hisoblashmaslik noto‘g‘ri bo‘lardi. Shuning uchun ijtimoiy nuqtayi nazardan u erkakka aylana olmaydi va shunday bo‘lishi ham mumkin emas, lekin ayni paytda u davlat tomonidan beriladigan huquqlar va imkoniyatlarda erkaklarga nisbatan kamsitilishi kerak emas.

Xotin-qizlarning huquqiy mavqei nafaqat erkak bilan tenghuquqlilik, balki to‘laqonli tenghuquqlilik bilan belgilanishi lozim, yaʼni ayol jamiyatning faol aʼzosi va uning taraqqiyotiga taʼsir ko‘rsatuvchi inson bo‘lish uchun imkon yaratuvchi huquq va majburiyatlarning maʼlum hajmiga ega bo‘lishi kerak. Huquqlardagi tenglik imkoniyatlarning tengligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi lozim.

Barqaror rivojlanishning beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston “Gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to‘qqizta vazifani ishlab chiqdi.

Beshinchi maqsadning vazifalariga (gender tenglik) muvofiq, 2030-yilga kelib xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini hamda yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash choralari ko‘riladi.

O‘zbekistonda so‘nggi bir necha yil ichida ayollar va erkaklar uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratilgan gender tengligi siyosati faol rivojlanmoqda. Bugun biz kamsitish va jins belgisiga asoslangan zo‘ravonlikka o‘rin bo‘lmagan jamiyatni barpo etish harakatidamiz va bu, haqiqatan ham, huquqiy-demokratik jamiyatning muhim shartidir. Shunday qilib, 2019-yil 2-sentabrda mamlakatimizda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonunning 5 moddasi jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, qanday omillar jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmasligi haqida aniq maʼlumot beradi:

Yodda tuting!

Jins bo‘yicha bevosita kamsitish — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq to‘lash;

Jins bo‘yicha bilvosita kamsitish – bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash.

Yodda tuting!

Xotin-qizlar va erkaklar davlat tomonidan kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Quyidagilar jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi:

  • bola tug‘ish va ona suti bilan oziqlantirish vazifalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda farqlarni belgilash;
  • qonunda belgilangan tartibda muddatli harbiy xizmatga chaqirish;
  • ushbu Qonun asosida gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish;
  • xotin-qizlar va erkaklar mehnatini muhofaza qilishda ularning reproduktiv salomatligini saqlash xususiyatlari;
  • majburiyatlar faqat muayyan jinsdagi shaxslar tomonidan bajarilishi mumkinligiga asoslangan holda kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish;
  • qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlarini hamda huquqiy jihatdan ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash;
  • xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini mustahkamlashga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan ijobiy choralar.

Foydali tushunchalar!

Ijobiy kamsitish – bu ozchilikni tashkil etadigan va jinsi, irqi, millati asosida anʼanaviy ravishda kamsitilgan guruh vakillariga imtiyozlar berish, ish bilan taʼminlash, lavozimini ko‘tarish, taʼlim olish, shuningdek, mazkur guruh vakillarini boshqaruv organlariga ilgari surishga qaratilgan siyosat yoki tamoyildir.

Gender siyosatga nisbatan ijobiy kamsitish – bu ayollarning ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan davlat tomonidan belgilangan imtiyozlar, rag‘batlantirish, taqiqlar va kompensatsiya tizimidir. Shu sababli ko‘pgina mamlakatlarda ayollarni kasbiy sohada, ilm-fan va boshqa sohalarda ilgari surish, bandligini taʼminlash bo‘yicha maqsadli davlat dasturlari yaratilmoqda, saylovga nomzodlarning ro‘yxatlarini tuzishda, ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi organlarni shakllantirishda ayollar uchun majburiy kvotalar joriy etilmoqda.

Qisqacha aytganda, ijobiy kamsitish salbiy kamsitishni bartaraf qilish, ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashish vositasi sifatida ishlaydi.

Biroq, tanqidchilarning taʼkid­lashicha, ijobiy kamsitishlar ham bir nechta kamchiliklarga ega.

Xususan, ijobiy kamsitish aksariyat holatda teskari kamsitishni keltirib chiqaradi – ustuvorlik faqat kasbiy fazilatlariga emas, balki jinsi, irqi, rangi, dini yoki milliy kelib chiqishiga qarab berilsa, ko‘pchilik intilish va ko‘nikmalaridan qatʼi nazar, yutqazgan vaziyatda bo‘ladi.

Bundan tashqari, bunday yondashuv yutuqlarni yetarlicha to‘g‘ri baholamaslikka olib keladi, yaʼni ko‘pchilik inson erishgan yutuqlari, mehnatsevarligi, tinmay ishlashi va isteʼdodi uchun emas, balki faqat ijobiy kamsitish tufayligina maʼlum bir yutuqlarga erishgan, deb o‘ylashadi.

Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonundan tashqari, gender tengligini ta’minlash va ayollarni jamiyat hayotidagi rolini oshirish maqsadida quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan:

Ahamiyat bering!

Yodda tuting!

O‘zbekiston Respublikasining oila qonunchiligida gender tengligi masalalari

Oila kodeksi va oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik aktlaridan tashkil topgan.

Oilani mustahkamlash, er-xotin, ota-ona, farzandlar va oila boshqa aʼzolarining shaxsiy va mulkiy munosabatlarini boshqarish oila qonunchiligining vazifalaridir. Oila kodeksi oila aʼzolarining hech bir to‘siqsiz o‘z huquqlarini himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksidan erkaklar va ayollarning oilaviy munosabatlardagi tengligi va gender belgi bo‘yicha ularning huquqlarini toptalishiga yo‘l qo‘ymaslik ko‘rsatib o‘tilgan:

  • 2-modda. Oilaviy munosabatlarda ayol va erkakning teng huquqliligi

Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila aʼzolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

  • 19-modda. Oilada er va xotinning teng huquqliligi

Er va xotin oilada teng huquqlardan foydalanadilar va ular teng majburiyatlarga egadirlar.

  • 21-modda. Er-xotinning bolalar tarbiyasi va oila turmushi masalalarini hal qilishi

Bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini er va xotin birgalikda hal qiladilar.

  • 22-modda. Er va xotinning mashg‘ulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlari

Er va xotinning har biri mashg‘ulot turi, kasb va turish hamda yashash joyini tanlashda erklidir.

Yodda tuting!

Mehnat munosabatlarida gender tengligi masalalari

Аyollarga qanday imtiyozlar bor?

  • Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 33 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi
  • Аyollarni pensiya yoshiga to‘lganligi sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish taqiqlanadi
  • ▫️Аyrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi
  • “Аyollar daftari”ga kiritilganlarga 40 mln 500 ming so‘mgacha kredit berilishi mumkin
  • Ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirishga tanaffus beriladi
  • Xotin-qizlarning kasb o‘rganishga qilgan xarajatlarini davlat to‘lab beradi
  • “Аyollar daftari”ga kiritilgan yolg‘iz ayollarning farzandlari ham bog‘chaga imtiyozli ro‘yxat asosida qabul qilinadi
  • Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi
  • Faol va tashabbuskor xotin-qizlar “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi
  • 12 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga qo‘shimcha taʼtil beriladi
  • Аyrim xotin-qizlarning kontrakt puli davlat tomonidan to‘lab beriladi
  • 2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar yengilroq ishga o‘tkaziladi
  • Homilador ayollar, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov qo‘llanilmaydi

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. O‘zbekiston Respeblikasi Konstitutsiyasi. – Toshkent, O‘zbekiston, 2020. – 76 b;
  2. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni. https://lex.uz/docs/-4494849
  3. Monografiya // K.R.Aliyeva – Т.: “Lesson Press”, MChJ nashriyoti. 2022 – 169 b.
  4. Gender tengligi: g‘oyadan qonunga qadar: uslubiy qo‘llanma М.Xoliqova, G.Ishonxonova, Sh.Po‘latova. – Toshkent: “Akademnashr”, 2021. – 208 b.

ALIYEVA KAMOLA RAVSHANOVNA

XOTIN-QIZLAR VA ERKAKLAR

TENG HUQUQLIDIRLAR

Ilmiy-ommabop risola

Toshkent davlat yuridik universiteti

Toshkent – 2022

Bosh muharrir O. Choriyev

Muharrir Sh. Jahonov

Musahhih M. Patillayeva

Texnik muharrir U. Sapayev

Dizayner D. Rajapov

08.09.2022. da bosishga ruxsat etildi. Qog‘oz bichimi 60×84 1/16.

“Times New Roman” garniturasi, 1,39 shartli bosma taboq.

Adadi 50. 135-buyurtma.

Toshkent davlat yuridik universiteti bosmaxonasida chop etildi.

100047. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy.